Jumadan oldin tahorat olish uchun tahoratxonaga kirib yosh balakayni ko‘rib qoldim. Avvaliga, suv o‘ynayotgan bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Chunki, u juda ham yosh edi.
Yaqinlashsam ovozini chiqarib: «Bir, ikki, uch», deya tahorat olyapti. Poylab turdim. Tahoratini tugatgach: «Mashaalloh! Tahoratni juda chiroyli qilding», dedim. Bolakay: «Tahorat qilishku oson ish, unda hech qachon xato qilmayman. Lekin men sizlar bilan namoz o‘qishni istasam, sizlar esa menga oxirgi safda turishimni aytasizlar. Chunki kichkinaman. Lekin, men do‘stlarim kabi o‘yinqaroqlik qilmayman, faqat namoz o‘qishni istayman-ku», dedi. Men: «Otangni oldida turaver», dedim. Bolakay: «Otam uzoqqa ketganlar. Masjidga onam bilan keldim. Onam namozni ayollarga mo‘ljallangan joyda o‘qiydilar. Menga esa: «Sen erkaklar bilan o‘qi, agar namozlaringa mahkam bo‘lsang va otangni haqiga duo qilsang u bilan juda ham chiroyli joyda ko‘rishasan», — deb aytdilar.
Yo Rab, bu niholni ekkanni rahmatinga ol, uni parvarishlab o‘stirganga baraka yog‘dir!