Buncha mahzun yogʻdi bu yomgʻir,
Buncha tushkun yogʻdi bu yomgʻir.
Sokin-sokin urar bu yurak,
Buncha shoshqin yogʻdi bu yomgʻir.
Ruhimga darz ketganday boʻldi,
Koʻzyoshda arz ketganday boʻldi.
Yonimda jim yashab oʻtganlar
Hijrondan dars oʻtganday boʻldi.
Buncha ezib yogʻdi bu yomgʻir,
Buncha sizib yogʻdi bu yomgʻir.
Soʻz demadim, uni tingladim,
Barin sezib yogʻdi bu yomgʻir.
Ulgʻayganim rost chiqdi nogoh,
Balandlarim past chiqdi nogoh.
Tushlarimni tushunmay qoldim,
Umr oʻtib ketdi banogoh.
Barin bilib yogʻdi bu yomgʻir,
Ruhim tilib yogʻdi bu yomgʻir.
Meni yupat, biror taskin ber,
Qismat shu deb, meni ishontir.