Bo‘lajak kelinlarga nasihatlarTurmush qurish – bu nafaqat yangi hayot bosqichi, balki ulkan mas’uliyat, katta ne’mat hamdir. Oila qurgan har bir inson bu mas’uliyatni his qilishi va unga yengil qaramasligi kerak. Ayniqsa, kelin bo‘lib borayotgan qizlarga quyidagi maslahatlardan foydalanishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim:
1️⃣ Turmush o‘rtog‘ingizni qadrlangErkakning muhabbati va ishonchini qadrlash – oiladagi baxtning muhim kalitidir. Uni o‘z manfaatlaringiz ustida poymol qilmang. Har bir harakatingizda mehr va hurmat aks etsin. Unutmang, siz bir-biringizning yelkadoshingizsiz.
2️⃣ Tabiiy bo‘ling, ayollik fazilatlaringizni yo‘qotmangTurmush qurgach, nozik va xos masalalarda barcha narsani birdan bilib olishga urinmang. Bu vaqti-soati bilan o‘rganiladigan narsalardir. Sizning hayotingizdagi hayajon, tabiiy uyalish va ayollik latofatingiz juftingizning qalbida yanada ko‘proq muhabbat uyg‘otadi.
3️⃣ Oiladagi asosiy qoidalarni unutmangPoklik, o‘zaro ishonch, hurmat, mehr va parvarish – bu oilaning mustahkam poydevoridir. Siz kelin bo‘lib borar ekansiz, faqatgina qaynona-qaynatangiz xizmatida bo‘lish yoki uy yumushlari haqida o‘ylab qolmang. O‘zingizni bir qalbning malikasi, oilaning yuragi deb biling. Juftingizni xushnud etish, unga munosib umr yo‘ldoshi bo‘lish, farzandlar tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish haqida ko‘proq o‘ylang.
4️⃣ Ro‘zg‘or yumushlariga to‘g‘ri yondashingUy yumushlari bajariladigan oddiy ishlar, bu masalalarni vaqt va tajriba bilan eplay olasiz. Ammo oila qurishda bundan yuqori mas’uliyatlaringiz borligini unutmaslik kerak. Ba’zida yosh kelinlar faqat uy ishlari va boshqalar ko‘nglini olishga berilib, erlari bilan o‘rtadagi iliq munosabatni yo‘qotib qo‘yishadi. Natijada, oila tanazzulga uchraydi.
5️⃣ Munosabatlarni go‘zallashtiringOila – bu ikki insonning bir-biriga ruhiy ta’sir qiladigan ittifoqi. Munosabatlar go‘zallashgani sayin, hayot ham yaxshilanib boradi. Shuning uchun munosabatlaringizga g‘amxo‘rlik qiling, ko‘ngilni toza tuting, bir-biringizga mehr va sabr ko‘rsating.
Unutmang, baxtli oila – bu mehr-muhabbat, ishonch va o‘zaro hurmatdan boshlanadi. O‘zingizni oilangizning tinchligi va baxti uchun mas’ul shaxs sifatida his qilsangiz, oilaviy hayotingiz ko‘p yillar davomida mustahkam bo‘ladi, inshaalloh!
@khujamovanisa