😶🌫️Tuman hodisasining havo sifati indeksiga ta’siri
Meteorologlar va havo sifati datchiklarini yetkazib beruvchilar tuman tomchilarini sensorlar chang mikrozarrachalari sifatida qabul qilishi mumkinligini ancha oldin payqashgan. Natijada, tuman paytida havo sifati indeksi ifloslanishning yuqori ko‘rsatkichlarini namoyish etishi mumkin.
Ushbu hodisaning to‘liq mexanizmi hali to‘liq tushunilmagan, chunki sensorlarning ko‘rsatkichlariga bir nechta omillar ta’sir qiladi. Ular orasida shamolning yo‘qligi, suv tomchilarida mikrozarrachalarning adsorbsiyasi, shuningdek, tumanli muhitda sensorlarning lazer nuri qaytishi, sinishi va interferensiyasi mavjud.
Biroq, bu tumanda havo ifloslanishi yo‘q degani emas. Shunchaki, sensorlar mikrozarralar konsentratsiyasi darajasini oshirib ko‘rsatishi mumkin, bu esa har doim ham haqiqiy vaziyatni aks ettirmaydi.
Ma’lumotlarning aniqligini ta’minlash uchun Toshkentdagi havo sifatini kuzatish xizmati (
air.tashkent.uz) foydalanuvchilarni tuman sharoitida ifloslanish indeksi noto‘g‘ri ko‘rsatilishi mumkinligi haqida ogohlantiradi. Bu ogohlantirish faqat tuman zonasiga tushgan sensorlar uchun chiqariladi.
Shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti mutaxassislari sensorlar ko‘rsatkichlari asosida tuman mavjudligini aniqlash imkonini beruvchi algoritm ishlab chiqishgan. Buning uchun turli omillarni hisobga olgan holda shudring nuqtasining harorati hisoblanadi. Shudring nuqtasi va joriy harorat o‘rtasidagi farq 2 darajadan kam va havo namligi 90% dan yuqori bo‘lganda, sensor atrofida tuman borligini ishonch bilan aytish mumkin.
Bir nechta sensorlardan olingan ma’lumotlarni taqqoslash orqali tuman zonalarini aniq belgilash va uning shahar bo‘ylab harakatini kuzatish mumkin.
Tuman aniqlanganda xizmatda quyidagi xabar paydo bo‘ladi:
"Mikrozarrachalar bilan ifloslanish to‘g‘risidagi ma’lumotlar tuman tufayli oshirib ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin," shuningdek, vaziyatning batafsil tavsifiga havola (ushbu maqola) beriladi.
Hozirgi vaqtda shahar xaritasida 10 ta sensordan olingan ma’lumotlar, jumladan, havo sifati indeksi (zararlilik darajasining rangli shkalasi bilan), harorat, PM2.5 mikrozarralari konsentratsiyasi, namlik, bosim, shamolning yo‘nalishi va kuchi, shuningdek, yog‘ingarchilik miqdori aks ettirilmoqda.
YouTube |
Facebook |
Instagram |
Web-site |
Telegram-bot🌫